UZB sport

ATP Tour 2028: Erkaklar tennisi uchun yangi moliyaviy reja

ATP Tour 2028 yilga kelib erkaklar tennischilari uchun kamida 350 million dollarlik mukofot puli va’da qilmoqda. Katta raqam. Katta siyosat. Lekin ayni paytda juftlik bahslari atrofidagi eng bahsli islohotlar bo‘yicha qaror yana bir oyga surildi.

Pul yomg‘iri: yulduzlar uchun yangi davr

Rejalarga ko‘ra, bonus jamg‘armasi hozirgi 21,5 million dollardan 2028 yilga borib 50 million dollarga oshiriladi. Bu pul Masters 1000 turnirlari oldidan dunyo reytingida kuchli 30 talikka kirgan tennischilar o‘rtasida taqsimlanadi.

Har bir Masters musobaqasida ishtirok etgan jahon birinchi raqamli tennischi eng katta bonus – 2 million dollarni qo‘lga kiritadi. Har safar kortga chiqsa, alohida mukofot.

Mavsum yakunida esa dunyoning kuchli 250 nafar tennischisi o‘rtasida yana 25 million dollar bo‘linadi. Maqsad aniq: har biriga 100 ming dollardan ulash. Pastroq reytingdagilar uchun bu faqat raqam emas, butun mavsum byudjetini o‘zgartiradigan omil.

Yana bir burilish – jarohat tufayli turnirlarni o‘tkazib yuborganlar endi avvalgidek keskin jazolanmaydi. Buni ayniqsa dunyoning ikkinchi raqamli tennischisi Jannik Sinner misolida ko‘rish mumkin: u martdan maygacha ketma-ket beshta Mastersda g‘olib chiqdi, biroq Wimbledon’dan keyin o‘ynay olmagani sabab bonusining atigi 25 foiziga da’vogarlik qilishi mumkin. Yangi tizim shunday holatlarga yumshoqroq yondashishni ko‘zlaydi.

Juftliklar bo‘yicha bo‘linish: jangning qizigan nuqtasi

Hammasi ham shirin emas. Eng keskin bahslar juftlik bahslari atrofida kechmoqda. Taklif etilgan o‘zgarishlar – asosiy qur’a hajmini ikki baravar qisqartirish va juftlikka ajratiladigan mukofot pulini 20 foizdan 10 foizga tushirish – juftlik o‘yinchilarini oyoqqa turg‘izdi.

Oktabr oyida 150 nafardan ortiq erkaklar juftlik tennischilari ATP Tour rahbariyatiga ochiq xat yo‘llab, formatdagi bu “keskin” o‘zgarishlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Ular bu tizim ostida kuchli 30 talikdan tashqarida qolganlar uchun tennisdan tirikchilik qilish “deyarli imkonsiz” bo‘lib qolishini aytishmoqda.

ATP raisi Andrea Gaudenzi bu bosimni yaxshi his qilmoqda. U BBC Sport’ga erkaklar tennisi boshqaruv organi “konsensusga kelish uchun yana biroz vaqtga muhtoj” ekanini aytdi.

“Bu juda sezgir masala,” – deydi u. “O‘yinchilar va turnirlar talabini to‘g‘ri muvozanatga keltirishni istaymiz. Kelishuvga erishishimizga chin dildan umid qilaman.”

Takliflar bo‘yicha ovoz berish keyingi oyga qoldirildi. Vaqt ishlayapti, lekin savollar ham ko‘payib boryapti.

Pul qaerga oqadi?

Juftlik o‘yinchilari uchun bu kurash nafaqat prinsip, balki kasb masalasi. Ular uchun har bir foiz – safarlar, murabbiylar, reabilitatsiya, oddiy hayot xarajatlari demak.

Shu fon’da Gaudenzi baribir bir fikrda qat’iy turibdi: juftlikka ajratilayotgan pullarning hech bo‘lmaganda bir qismi yakka bahs tennischilariga yo‘naltirilishi kerak.

“Hamma odamni baxtli qilishning iloji yo‘q. Biz bu qarorlarni yengil qabul qilmaymiz, lekin muxlislar va translyatorlarni ham e’tiborsiz qoldirolmaymiz – har qanday ko‘ngilochar biznesda bo‘lgani kabi,” – deydi u.

Uning mantig‘i aniq: “Musiqachi bo‘lasizmi yoki aktyor – muxlisga qay darajada tomosha hadya etsangiz, mukofot ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.”

Bu qarash juftlik o‘yinchilarini ishontirmaydi, ammo ATP ichida pul oqimi qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi bahsning markazida aynan shu fikr turibdi.

Pattenning e’tirozi va “xandaq”dagi muzokaralar

Juftlik bahslaridagi taranglikni yillik mukofotlash marosimi ham yanada kuchaytirdi. Britaniyalik Henry Patten yil yakunida raqibidan ustun kelib, juftlik bo‘yicha birinchi raqamli juftlik sifatida sovrin qabul qilganida, u yerda na Gaudenzi, na bosh direktor Eno Polo bor edi. Patten bundan norozi bo‘ldi.

Rais esa bu e’tirozni shaxsan qabul qilmasligini aytadi. U Patten’ga ularning yutuqlarini kamsitish niyati bo‘lmaganini tushuntirganini ta’kidladi.

“Uning hafsalasi pir bo‘lganini tushunaman, va hozir biz muhokama qilayotgan masalalar fonida ularning tomoni juda hissiyotga berilishi tabiiy,” – deydi Gaudenzi. “Lekin men ham, Eno ham shu mehmonxonada edik – kuniga o‘n ikki soatlab shu kelishuv ustida bahs va muzokara olib bordik. Haqiqatan ham kun bo‘yi ‘xandaq’ ichida edik.”

Bir tomonda – rekord darajadagi bonuslar, yulduzlar uchun yangi moliyaviy ufqlar. Ikkinchi tomonda – juftlik o‘yinchilari, o‘z kasbini saqlab qolish uchun kurashayotgan qatlam.

Endi esa hammasi keyingi oygi ovoz berishga borib taqaladi. Savol oddiy: ATP tomosha markaziga aylangan yulduzlarni yanada boyitish yo‘lini tanlaydimi yoki butun piramidaning tagiga – juftlik o‘yinchilari va o‘rta qatlamga – tayanch bo‘lib qoladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil