Arsenal yozgi inqilobi: yangi murabbiy va yosh o‘yinchilar
Renee Slegers 2025-yil yanvarida to‘liq stavkali bosh murabbiy sifatida tasdiqlangani zahoti “Arsenal” atrofida ohang o‘zgargandi. Bu yoz esa o‘sha o‘zgarishlar ilk bor to‘liq ko‘rinish bermoqda. Endi bu jamoa endi kimning qo‘lida ekani aniq seziladi.
Shartnomalar tugagan, tarkib qarib qolgan, WSL poygasida doim bir-ikki qadam ortda qolish odatga aylangan paytda klub tabiiy burilish nuqtasiga kelib qolgan edi. Qoladiganlar, ketadiganlar, o‘rnini bosadiganlar – hammasi Slegers va klubning haqiqiy qarashlarini ochib berdi.
Yoshi kattalashgan “Arsenal”dan yoshroq, ochko‘zroq “Arsenal”ga
O‘tgan mavsum WSLda hech bir jamoaning o‘rtacha yoshi “Arsenal”nikidan yuqori emasdi. 2025-26 yilgi Women’s Champions League guruh bosqichiga chiqqanlar orasida esa faqat “Juventus” bu ko‘rsatkichda oldinda turardi. Bu raqamlar allaqachon ogohlantiruvchi signalga aylangan edi.
Sakkiz nafar eng yoshi katta futbolchining shartnomasi tugashi bilan klubga keskin qarorlar qabul qilish uchun eshik ochildi. Hammasi bilan xayrlashishmadi, albatta. Kim Little (36), Steph Catley (32), Caitlin Foord (31), Stina Blackstenius (30) va Leah Williamson (29) bilan shartnomalar uzaytirildi. Hisobotlarga ko‘ra, oxirgi daqiqalargacha Katie McCabe’ni ushlab qolish istagi bo‘lgan, Meadni Foorddan ustun ko‘rish varianti ham ko‘tarilgan.
Baribir uchta katta ism bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi. McCabe (30), Beth Mead (31) va Manuela Zinsberger (30) ketishi bilan guruhning o‘rtacha yoshi sezilarli darajada pasaydi. Ularning o‘rniga kelayotganlar esa ancha yosh: Georgia Stanway, Ona Batlle va Geraldine Reuteler – 27 yoshda, Selina Cerci 26ga endi kirdi, Baum esa atigi 19 yoshda. Agar Salma Paralluelo transferi ham yakunlansa, u atigi 22 yosh.
Bu faqat raqamlar bilan o‘ynash emas. Bu – jamoaning ritmini, dinamikasini yangilash.
Chuqurlik yetishmagani qimmatga tushgan mavsum
“Arsenal”ning yozgi rejalari faqat yoshni tushirish bilan cheklanmaydi. So‘nggi yillarda WSL chempionligi poygasida doimiy ravishda charchab qolishning bir necha sabablari bor, transferlar esa aynan shu nuqtalarga zarba bermoqda.
Ulardan biri – chuqurlik. O‘tgan mavsum Slegers varianti umuman yo‘q jamoa bilan ishlamadi, lekin WSLda undan kamroq futbolchidan foydalangan klub bo‘lmadi. Champions League guruh bosqichiga chiqqanlar orasida esa atigi oltita jamoa undan kam rotatsiya qildi: Benfica, St. Pölten, Valerenga, Wolfsburg, OH Leuven va Twente.
Yana bir muammo – tarkibdagilarning hammasi ham real variant emasdi. Jenna Nighswonger faqat bir marta o‘ynadi va yanvarda Aston Villa’ga ijaraga ketdi. Laia Codina va Victoria Pelova esa shunchaki imkoniyat topolmay, bu yozgi ketishlarini deyarli muqarrar qilib qo‘yishdi.
Shu bilan birga, Katie Reid mavsum boshidayoq ACL jarohatini oldi. Leah Williamson butun liga davomida atigi ikki marta asosiy tarkibda maydonga tushdi, doimiy sog‘liq muammolari sabab. Kyra Cooney-Cross esa onasining og‘ir kasalligi tufayli tez-tez safdan chiqib qoldi. Slegers raqamlar bo‘yicha ham, ishonchli variantlar bo‘yicha ham juda qisqa ro‘yxat bilan ishlashga majbur bo‘ldi. Bu holat o‘zgarmasdan qolishi mumkin emasdi.
Little va Caldenteyga ortiqcha yuk tushgan markaz
Alohida ko‘rinib qolgan yana bir nuqta – ayrim futbolchilarga haddan tashqari tayanish. Ayniqsa, markaziy zona. Kim Little va Mariona Caldentey ikkovidan biri yo‘q bo‘lsa, “Arsenal” o‘yinida darhol chuqurlik, ritm, nazorat pasayib ketar edi.
Endi bu manzara o‘zgarishi kerak. Stanway va Reutelerning kelishi, Cooney-Crossning to‘liqroq mavsum o‘tkazishi kutilayotgani bilan birga, o‘sha ikkita chuqurroq pozitsiyada mas’uliyat nihoyat taqsimlanadi.
Stanway “Bayern Munich”dagi so‘nggi mavsumini odatdagidan ancha chuqurroq rolda o‘tkazdi – va bu tajriba unga juda yaxshi keldi. Reuteler esa turli xil markaziy rolni bajara oladi, demak, kerak bo‘lsa No.10 pozitsiyasida ham variant bo‘la oladi.
Albatta, Little va Caldentey darajasidagi futbolchilarga tayanish tabiiy. Lekin o‘tgan mavsum “Arsenal”ning ularga qanchalik bog‘lanib qolganini ko‘rganlar, bu yozgi o‘zgarishlarning naqadar zarurligini yaxshi tushunadi.
Hujumga kiritilgan bezak emas, zarba
Eng katta ta’sir, ehtimol, oldingi chiziqda seziladi. O‘tgan mavsum Slegers hujumda qog‘ozda yomon bo‘lmagan variantlarga ega edi. Alessia Russo No.9 pozitsiyasida asosiy figura bo‘lib oldi, Stina Blackstenius esa uni almashtirish yoki oldinga surib, Russo’ni No.10ga tushirish orqali tizimni o‘zgartirish imkonini berardi.
Kenglikda Mead, Foord, Chloe Kelly va Olivia Smith turardi. Bu Slegersga raqibga qarab rejani moslashtirish, soatga yaqin daqiqalarda ikkala qanotni ham yangilash imkonini bergan. U buni tez-tez qilar edi.
Ammo bir paytdan keyin hammasi bashorat qilinadigan bo‘lib qoldi. No.10 uchun deyarli yagona boshqa variant Frida Maanum edi. Demak, Blackstenius tushgan zahoti Russo orqaga chekinishi deyarli avtomatik yechimga aylanardi. Raqiblar esa qanotlarda ham, ikkinchi bo‘limda ikki to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashtirish bo‘lishini oldindan bilib qolishdi. Qanotdagilardan biri jarohat olsa, masalan Kelly yoki Mead kabi, sxema yanada biryoqlama bo‘lib qolardi.
Yangi kelayotganlar bu bir xillikni buzadi. Reuteler No.10 sifatida o‘ynay oladi. Cerci – hujumchi, lekin kerak bo‘lsa qanotga ham chiqadi. Baum – ikkala qanotda ham, ehtimol markazda ham o‘ynay oladigan yosh iqtidor. Batlle esa, agar Slegers shunday qaror qilsa, ichkariga kiruvchi chap qanot himoyachisi sifatida raqibga mutlaqo boshqa turdagi muammo yaratishi mumkin.
Natija? Kutilmagan yechimlar, ko‘p qirrali tarkib, haqiqiy raqobat va nihoyat – chuqurlik. “Arsenal”ga aynan shu narsa kerak edi: o‘yin rejasini o‘zgartirmasdan turib, o‘yinning ohangini almashtira oladigan tarkib.
Batlle, Stanway va boshqalar: niyat bayonoti
Bu transferlar faqat taktik bo‘laklar emas, ular ma’lum ma’noda deklaratsiya. “Arsenal” yana yirik sahnaga qaytmoqchi ekanini ochiq aytyapti.
Ona Batlle haqida gap ketganda, “chuqurlik uchun olingan futbolchi” deyish qiyin. Klubda qanot himoyachilari allaqachon yetarlicha edi, lekin Batlle – dunyo darajasidagi futbolchi. Uni Barcelona’dan, amaldagi Yevropa chempionidan, eng yaxshi yillarida tortib olish – o‘zi alohida bayonot.
Georgia Stanway ham shunga yaqin maqom bilan keladi. England bilan ketma-ket ikki marta Yevropa chempioni bo‘lgan, muhim o‘yinlarda sahnaga chiqib, o‘yin taqdirini hal qilishni odat qilgan futbolchi. Bugun u markaziy yarim himoyachilar orasida eng to‘liq shakllanganlardan biri sifatida ko‘riladi.
Selina Cerci hali bu darajadagi nom emas, lekin so‘nggi ikki mavsumda Bundesliga’dagi eng sermahsul futbolchi bo‘lib keldi. Geraldine Reuteler esa o‘z sifatini o‘tgan yilgi Yevropa chempionatida Shveysariyaning tarixiy pley-off bosqichiga chiqishida bosh rolni o‘ynab, yaqqol ko‘rsatdi.
Baum? Agar transfer kutilganidek yakunlansa, bu – uzoq muddatga mo‘ljallangan katta sarmoya. Uning potentsiali haqiqatan ham yuqori pog‘onalarni va’da qiladi.
Eng muhimi – bularning barchasi vaqtida amalga oshirilmoqda. O‘yinchilar pre-season boshlanishidan oldin jamoaga qo‘shilmoqda, tizimga moslashishga, sheriklari bilan bog‘lanishga vaqt topadi. Bu hamisha “Arsenal”ning kuchli tomoni bo‘lmagan.
Raqiblar sekinlashgan paytda “Arsenal” tezlashdi
Angliyadagi raqobat fonida bu harakatlar yanada yorqinroq ko‘rinadi. Chelsea hali ham hujumchi qidiryapti, ammo uch marta rad javobini oldi. Manchester City Mead va Niamh Charles bilan ancha muloyim, ehtiyotkor yangilanish yo‘lidan ketyapti. Manchester United atrofida esa transfer bozorida ovozlar deyarli eshitilmaydi – hozircha faqat Andrea Medina kelgani ma’lum.
Shu fon, shu shovqinsiz bozor orasida “Arsenal” yozgi oynani kuchli zarba bilan ochdi. Bu safar gap shunchaki son haqida emas, sifat va yo‘nalish haqida ketmoqda.
Endi esa bitta katta savol qoladi: bularning bari 2019-yildan beri ilk WSL chempionligiga yetaklay oladimi?
Javobni aytish uchun juda erta. Lekin bir narsani aniq ko‘rish mumkin – bu safar “Arsenal” poygaga faqat ishtirokchi sifatida emas, haqiqiy da’vogar sifatida kirib kelmoqchi.






