UZB sport

Anfielddagi ichki qulash: Torresning og‘riqli xotiralari

Fernando Torres 2007-yil yozida Liverpoolga kelganida, bu transfer klub tarixidagi eng yirik bitim edi va u kutilganidan ham tezroq o‘zini oqladi. Himoyachilarni bir zarbada ortda qoldiradigan, jarima maydonida bitta imkoniyatni ham kechirmaydigan hujumchi. Uning Steven Gerrard bilan tuzgan hujum chizig‘i qisqa muddatda afsonaga aylandi. Anfieldda hamma narsa orzudek ko‘rinardi.

Ammo tribunadagi qo‘shiqlar ostida klub ichida boshqa bir jarayon ketayotgan edi. Tom Hicks va George Gillett boshchiligidagi egalik davri tobora chigallashib, sport tamoyillarini siyosiy va moliyaviy tortishuvlar bosib ketdi. Torres oradan yillar o‘tib, sobiq Liverpool hujumchisi John Aldridge podkastida o‘sha ichki qulashi qanday sezganini ochiq aytib berdi.

U eslaydi: klub asta-sekin eng yaxshi futbolchilarini yo‘qota boshladi. Xabi Alonso 2009-yilda Real Madridga ketdi, 2010-yilda esa Javier Mascherano Barcelonaga yo‘l oldi. Rafa Benitez ham endi jamoa bosh murabbiyi emas edi. Torres o‘sha paytdagi kayfiyatni bir jumlada jamlaydi: “Nima bo‘layapti o‘zi?”

Premier League va Champions Leagueda Liverpool chindan ham bir qadam narida turgan edi. Katta sakrash uchun bor-yo‘g‘i ikki-uch sifatli transfer yetarli bo‘lgandek tuyulgan. Ammo kelayotgan futbolchilar darajasi bunga mos emasdi. Ambitsiya bilan real harakat orasidagi tafovut tobora kattalashib borardi.

Torres o‘sha yozda boshqaruv bilan yuzma-yuz gaplashishga harakat qilganini aytadi. U o‘sha paytdagi bosh ijrochi direktor Christian Purslow bilan uchrashgan. Maqsadi sodda edi: ochiq bo‘lish. U Liverpoolga sovrinlar yutish uchun kelganini, bu klub bilan cho‘qqilarni ko‘zlaganini tushuntirgan. Purslow esa klub sotilayotganini, shu sabab eng yaxshi futbolchilarni yana sotishga haqqi yo‘qligini aytgan. Vada berilgan, ishonch uyg‘ongan.

Buzilgan va’da va Chelsea'ga og‘ir qadam

Nihoyat Fenway Sports Group klubni qo‘lga kiritganida, Torres uchun yangi sahifa ochilgandek bo‘ldi. U yangi egalar bilan jamoaning kelajagi haqida aniq tasavvur olishni xohladi. Ammo eshitgan javoblari uning futbolchilik yoshi bilan to‘qnash kelardi.

Torresning so‘zlariga ko‘ra, u FSG asosiy egasi John Henry bilan uchrashganida, unga mutlaqo yangi model haqida gapirishgan: yosh futbolchilarni arzon olib, yillar davomida tarbiyalash, uzoq muddatli loyiha qurish. Reja o‘n yilga mo‘ljallangandek tuyulgan. Torres esa o‘shanda deyarli 27 yoshda edi. U kutib o‘tirish uchun o‘n yillik vaqtga ega emasligini aniq his qilgan.

U yana bir muhim uchrashuvni eslaydi — sport direktori Damien Comolli bilan. O‘sha suhbat Torresning ichki qarorini yanada mustahkamlab qo‘ygan. Hujumchi olgan taassurotini yashirmaydi: Comolli uning qolish-qolmasligiga unchalik ham ahamiyat bermagandek tuyulgan. “Agar o‘rningga boshqa hujumchi topsak, ketishing mumkin”, degan mazmundagi gaplar yangi loyihaning markazida Torres bo‘lmasligini aniq ko‘rsatib qo‘ydi. “Qol, seni atrofingga jamoa quramiz”, degan ohang sezilmadi.

Shu nuqtada Torres o‘zini o‘ylashga majbur bo‘ldi. U Liverpoolni tark etish qarorini hanuz afsus bilan emas, balki o‘sha paytdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda “o‘zim uchun to‘g‘ri bo‘lgan yo‘l” deb ta’riflaydi. Uningcha, va’dalar bajarilmagan, loyiha yo‘nalishi o‘zgargan, vaqt esa uning raqibiga aylangan edi.

Xiyonat og‘rig‘i va kechikkan kechirim

Chelseaga o‘tish e’lon qilingach, Anfielddagi muhabbat bir zumda g‘azabga aylandi. Ko‘chalarda, ijtimoiy tarmoqlarda, tribunalar atrofida yonayotgan 9-raqamli futbolkalar, “xoin” degan yozuvlar — bularning bari Torres uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. U o‘zini shunchaki jamoaning yana bir futbolchisi deb o‘ylagan, muxlislar bilan rishtalar qanchalik chuqur bo‘lib ulgurganini to‘liq anglamagan.

Londonda u orzu qilgan sovrinlarga erishdi: Champions League, FA Cup. Statistikada hammasi chiroyli ko‘rinadi. Ammo ichkarida boshqa hisob-kitob yurardi. Liverpool bilan buzilgan munosabat, Anfield bilan uzilgan tuyg‘ular uni yillar davomida ta’qib qildi.

Torres bugun o‘sha kunlarga qarab, eng katta og‘riqni muxlislar ko‘zidagi alamdan his qilganini tan oladi. U ketganida ko‘rgan iztirob, hafsalasi pir bo‘lgan yuzlar uni ichidan yemira boshlagan. Bu uning niyati emas edi. Uningcha, haqiqiy raqobat Manchester United bilan edi. Liverpoolda bo‘lganida, u hech qachon Unitedga o‘tishni tasavvur ham qilmagan — bu Madridning ikki qismiga bo‘lingan shahri, Real Madrid va Atletico o‘rtasidagi chiziq kabi edi.

Eng og‘ir tan olishlardan biri — o‘zining Liverpool muxlislari uchun qay darajada muhim bo‘lganini kech tushunganida keladi. U o‘sha paytda o‘zini oddiygina “jamoaning yana bir a’zosi” deb his qilgan. Oradan yillar o‘tib, u ikki narsadan afsusda ekanini aytadi: yangi egalar bilan bir-birini yaxshiroq tushunib olish uchun yetarlicha gaplashishga vaqt topolmagani va eng muhimi, Liverpool muxlislarining his-tuyg‘ularini jarohatlagani.

Bugun u uchun eng katta yengillik — o‘sha odamlarning bir qismi bo‘lsa-da, uni kechira boshlagani. Torres bu tuyg‘uni tasvirlar ekan, yelkasidan 300 kilo yuk tushgandek bo‘lganini aytadi. Bir paytlar Anfieldni hayajonga solgan hujumchi uchun bu faqatgina shaxsiy yengillik emas. Bu qulagan ko‘prikni sekin-asta qayta tiklashga urinish. Savol esa hanuz ochiq: bu ko‘prik bir kun kelib to‘liq tiklanadimi yoki yo‘q?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil