64 jamoali Jahon chempionati: orzu va haqiqiyat
Jahon chempionati 2026 yilda 48 jamoaga kengaygani hamon bahs-munozaradan tushmay turibdi, FIFA ichida esa allaqachon navbatdagi g‘oya pishib boryapti: 64 jamoali mundial. Qog‘ozda bu juda jozibali ko‘rinadi. Amalda esa turnirning o‘zi, uning nufuzi va mezbonlik masalalarini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Bu bahs faqat raqamlar haqida emas. Bu — futbol tarixidagi eng katta sahnaning asl qadrini saqlab qolish yoki uni haddan tashqari kattalashtirib, ma’nosini so‘ndirish xavfi haqida.
Tiniqroq turnir, sodda arifmetika
48 jamoali formatning eng ko‘p tanqid qilingan nuqtalaridan biri — uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga chiqishi. 12 ta guruh, ularning ichidan eng yaxshi sakkizta uchinchi o‘rin, murakkab hisob-kitoblar, oxirgi turdagi g‘alati senariylar, ayrim jamoalar esa raqibini bilish uchun bir necha kun kutib o‘tiradi.
64 jamoali variant bu chalkashlikni kesib tashlaydi. Har bir guruhda faqat ikki yo‘llanma. Hammasi aniq, hammasi oddiy. Har bir o‘yin — bevosita hayot-mamot masalasi.
Bunday format guruh bosqichiga butunlay boshqa ohang olib kirishi mumkin. Yaqinda bo‘lib o‘tgan turnirda Germaniya, Meksika va AQSh ikki o‘yindanoq guruhda birinchi o‘rinni kafolatlab oldi. Argentina, Fransiya va Norvegiya ham so‘nggi turga yetib bormay turib, 1/32 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Oxirgi turdagi ayrim uchrashuvlar esa faqat protokol uchun o‘tkazilgandek tuyuldi.
64 jamoali formatda bunday “bo‘sh” o‘yinlar kamayishi ehtimoli katta. Har bir uchrashuvda ikki yo‘llanma uchun real jang, har bir xato — qimmat.
Sifat qanchalik tushadi?
Savolning eng nozik tomoni — raqobat darajasi. Mashhur statistik tahlilchi Nate Silver 64 jamoali Jahon chempionati ssenariysini hisoblab chiqqan, 2026 yilgi saralash natijalariga qarab, yana qaysi terma jamoalar qo‘shilishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Uning hisobiga ko‘ra, qo‘shimcha 16 jamoaning yettitasi o‘sha paytdagi FIFA reytingi bo‘yicha turnirda qatnashgan 48 ta jamoaning ichida bo‘lar edi. Yana 11 tasi esa bu yilgi sensatsion ishtirokchi bo‘lgan Cape Verde’dan yuqorirada turgan. Cape Verde esa debyutida guruhdan chiqib, 1/32 finalda amaldagi chempion Argentina’ga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.
Demak, kengayish faqat “sayyoh jamoalar” oqimiga olib keladi, deyish to‘g‘ri emas. Ma’lum darajada, sifat ham kengayadi. Savol boshqa: bu raqamlar bilan o‘lchanadigan sifatmi yoki turnirning ichki ruhi, bosimi, noyobligi bilan bog‘liq narsa?
To‘lib ketgan taqvim va qisqarishi mumkin bo‘lgan saralashlar
Bugungi futbolning eng katta muammolaridan biri allaqachon hammaga ayon: elita o‘yinchilar uchun taqvim haddan tashqari zich. Milliy chempionatlar, xalqaro klublar turnirlari, milliy terma jamoa o‘yinlari — tana chidamaydigan darajada yuklama.
64 jamoali Jahon chempionati esa bir qarashda paradoksal yechim taklif qiladi. Turnir kattalashadi, lekin saralashlar qisqarishi mumkin. Konfederatsiyalar ko‘proq yo‘llanma olgan sari, murakkab, ko‘p bosqichli saralash tizimlarini qisqartirishga jur’at topishi ehtimoli ortadi.
48 jamoaga kengayish bunday effektni to‘liq bermadi. CONCACAF yakuniy bosqichni biroz ixchamladi, lekin CONMEBOL o‘zining an’anaviy 10 jamoali “hamma-hammaga qarshi” marafonidan voz kechmadi. Osiyoda esa, aksincha, qo‘shimcha yo‘llanmalar tufayli o‘yinlar soni ko‘paydi.
64 jamoali format konfederatsiyalarni qayta o‘ylashga majbur qilishi mumkin. Lekin bu faqat ehtimol. Real qarorlar esa har doimgidek siyosat, moliya va ichki manfaatlar bilan bog‘liq bo‘ladi.
Cheksiz kunlar, charchagan tomoshabin
2026 yilgi turnir uchta mamlakat — AQSh, Kanada va Meksika — bo‘ylab, to‘rtta vaqt mintaqasida o‘tkazildi. Shunga qaramay, ayrim kunlarda ham turnir jadvali tomoshabinni bo‘g‘ib yuborgandek tuyuldi.
Sharqiy sohildagi muxlislar ayrim uchrashuvlarni mahalliy vaqt bilan tungi soat 00:00 da tomosha qilishga majbur bo‘ldi. G‘arbiy sohil aholisi esa nonushta bilan birga soat 9:00 da start oladigan o‘yinlarga ko‘z yugurtirdi.
64 jamoa esa guruh bosqichini 72 o‘yindan 96 taga yetkazadi. O‘rtacha kuniga 5-6 ta uchrashuv. Har bir o‘yinga alohida vaqt oynasi berish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. Guruh bosqichining birinchi ikki turida har bir o‘yinga alohida efir va diqqat ajratish an’anasi — aynan Jahon chempionatini boshqa turnirlardan ajratib turadigan jihatlardan biri — jiddiy zarba yeydi.
Tomoshabin ekran ortida charchaydi, stadionlar esa ayrim vaqtlarda bo‘shroq ko‘rinishi mumkin. Futbol ko‘payadi, lekin bayram hissi tarqalib, cho‘zilib ketmaydimi?
Nufuzning nozik chegarasi
FIFA prezidenti Gianni Infantino doimiy ravishda bir fikrni takrorlaydi: ko‘proq mamlakatlar Jahon chempionatiga chiqish orzusi bilan yashashi, bu orzuni real deb his qilishi kerak. Bu g‘oya futbolning global kengayishi nuqtai nazaridan tushunarli.
Ammo savol ochiq: yo‘llanma qanchalik “osonlashsa”, u shunchalik kam qadrlanmaydimi?
Bu turnir davomida tajribali murabbiylar, jumladan, bir necha mundial ko‘rgan Carlos Queiroz ham Jahon chempionatiga chiqish hissi alohida bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidladi. Har to‘rt yilda bir bor beriladigan, butun avlodni ilhomlantiradigan yutuq sifatida.
Jahon chempionati 1982, 1998 va endi 2026 yillardagi kengayishlardan omon o‘tdi. Nufuzi tushgani yo‘q, aksincha, bozori yanada chaqqonlashdi. Lekin har bir o‘sishning chegarasi bo‘ladi. Sakkiz yil ichida turnir maydonini deyarli ikki baravar oshirish — tarixda bo‘lmagan tezlik.
Bir nuqtadan keyin sahna shunchalik kengayadiki, final aktyorlarining o‘zi ham kamroq noyob ko‘rina boshlaydi.
Kim mezbon bo‘la oladi?
Futbolning ilk kunlarida, 16 jamoali format davrida, Jahon chempionatini kichik davlatlar ham qabul qilardi. Uruguay, Vengriya, Shvetsiya — o‘sha paytda bu mutlaqo tabiiy edi.
Bugun esa bu sahna allaqachon gigantlar qo‘liga o‘tgan. 64 jamoali turnir, 128 ta o‘yin, kamida 20-22 ta stadion talab qilinadigan format — bu endi nafaqat sport, balki infratuzilma, logistika va siyosiy qudrat sinovi.
Bunday turnirni yakka o‘zi qabul qila oladigan davlatlar soni juda kamayadi. Ko‘p mamlakatli mezbonlik esa deyarli standartga aylanadi. 2026 yilgi mundial — 2002 yilgi Korea–Japan’dan keyin ikki va undan ortiq davlat mezbonlik qilgan atigi ikkinchi turnir edi. 64 jamoali format bilan bu istisno emas, qoida bo‘lib qolishi mumkin.
Savol shunda: bu o‘zgarish Jahon chempionatining ruhiga qanday ta’sir qiladi? Bitta mamlakatning birlashgan, yagona futbol hikoyasi o‘rnini bo‘linib ketgan, tarqoq sahna egallamaydimi?
64 jamoali Jahon chempionati g‘oyasi futbolning eng katta orzusini yanada ommaviy qilishni va’da qiladi. Lekin aynan shu ommaviylik uni o‘ziga xos, noyob va qaytarilmas voqea qilayotgan narsa emasmi?






